Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi yil munosabati bilan akademik Kalandar Abduraxmanovga bayram tabrigi yo'lladi!
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali" ilmiy maktabi asoschisi va rahbari akademik Kalandar Abduraxmanovga kirib kelayotgan yangi - 2024-yil munosabati bilan tabrik yo'lladi.
Bayram tabrigida aytilishicha, el-yurtimiz ustozni ko'p yillik fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyati, olijanob fazilatlari bilan mamlakatimizda munosib obro'-e'tibor qozongan, katta bilim va tajribaga ega, faol va tashabbuskor, jonkuyar inson sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
"Siz o'z faoliyatingiz davomida ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo'lida sidqidildan xizmat qilib, bugungi kunda ham Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek sharafli ishga beqiyos hissa qo'shib kelayotganingizni barchamiz minnatdorchilik bilan e'tirof etamiz.
Sizning jonajon yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatimizda o'zaro hurmat va mehr-oqibat, bag'rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, inson qadrini ulug'lash, yosh avlodimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan samarali faoliyatingiz doimo bardavom bo'lsin",-deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyev tabrik so'ngida ustozga va uning yaqinlariga mustahkam sog'liq, oilaviy baxt-saodat, ulkan yutuq va omadlar yor bo'lishini tiladi!
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ustozimiz Kalandar Abduraxmanovni aynan 2023-yil «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlardagi faolliklarini e’tirof etganlarini ilmiy maktab a'zolari ham xursandchilik bilan qabul qildi.