TDIUda Prezidentning "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni ijrosi yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158 son farmoni doirasida “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta'minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda TDIU Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali ilmiy maktabi rahbari, O‘zFA akademigi Qalandar Abdurahmonov, TDIU prorektorlari professor Mansur Eshov, professor Gulnora Abdurahmonova, professor Adham Xudoyqulov va “Iqtisodiyot” fakultetining yetakchi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda va jahonda inson kapitalidan samarali foydalanish iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida qaralayotganligini ta'kidladi.
Mazkur masala bo‘yicha Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan va 2030-yilgacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 maqsad belgilanganligiga urg‘u berildi.
Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta'minlash bo‘yicha professor Bozorboy Berkinov, Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha professor Nosir Mahmudov, Insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish masalalari bo‘yicha dotsent Iroda Bakiyevalar o‘z fikrlarini bayon etdi.