Senator ayollar va TDIU “Lider qizlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

TDIU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, universitet Xotin-qizlar maslahat Kengashi raisi, “Lider qizlar” klubi asoschisi Gulnora Abduraxmanova boshchiligida “Lider qizlar” klubi  koordinatorlari  va a’zolari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida bo‘ldilar.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova,  Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Manzura Salimova, Oliy Majlis Senatining Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglik masalalari bo‘limi mudiri Nodira Shotursunova hamda TDIU “Lider qizlar” klubi asoschisi Gulnora Abduraxmanova va  “Lider qizlar” klubi a’zolari ishtirok etdilar.

Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad talaba-qizlarda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, gender tenglik va uning jamiyatdagi ahamiyati  haqida tushunchalar berish, eng asosiysi, oilada va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish kabi muhim tarbiyaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashishdan iborat.

Klub a'zolari senator ayollar bilan uchrashuv davomida o‘zlariga kuch-g‘ayrat, bilim va eng kerakli motivatsiyalarga ega bo‘ldi.