“Sun’iy intellekt – barqaror rivojlanish asosi”: akademik K.X.Abdurahmonovning yangi o`quv qo`llanmasi taqdimoti bo`lib o`tdi
2024-yil 19-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Ulug‘bek nomidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasiga muvofiq, Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali boshlig‘I, O’zRFA akademigi K.X.Abduraxmanovning "Sun'iy intellekt - barqaror rivojlanish uchun asosdir" deb nomlangan o’quv qo’llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Oflayn va onlayn formatda o‘tkazilgan tadbirda poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarining yetakchi olimlari va prorektorlari, fan doktorlari va yosh tadqiqotchilar, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi. Taqdimot ZOOM platformasi orqali jamg‘armaning anjumanlar zalidan hududlardagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalariga translyatsiya qilindi.
Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yoshlarni o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash tizimini yaratishda ishtirok etish, ularni davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnikaviy faoliyatga keng jalb etishdan iborat.
Tadbirni “Ulug‘bek iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” raisi, davlat va jamoat arbobi, O‘zRFA akademigi A.U. Salimov, nashr etilgan o’quv qo’llanmaning ahamiyati va dolzarbligini ta’kidlash bilan boshladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, innovatsion biznes modellarini rivojlantirish uchun qulay va maqbul ekotizim yaratish, sun'iy intellekt texnologiyalariga asoslangan mahsulotlar va xizmatlar ko'rsatish usullari, ularni joriy etish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida ushbu o’quv qo’llanmaning nashr etilishi jahon miqyosidagi innovatsion o'zgarishlarga to'liq javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash yo'lidagi sifat jihatidan yangi qadamdir.
Ilm-fan olamidagi ushbu muhim voqea oldidan o‘zbek olimlari tomonidan fundamental, zamonaviy va innovatsion o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi”, — dedi u.
Tadbir ishtirokchilari bo’lgan doktorantlar va iqtidorli talabalarga so‘zga chiqqan muallif, akademik K.X.Abduraxmanov: “...axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sanoatida ro‘y berayotgan transformatsiya istiqbolli yangi raqamli texnologiyalarning paydo bo‘lishi tufayli tashqi dunyoga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ulardan biri sun'iy intellektdir. Sun’iy intellekt taʼlim, sogʻliqni saqlash, moliya, mobillik va energiya kabi xilma-xil va muhim sohalarni oʻzgartirish potentsialiga ega boʻlib, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga erishishni tezlashtirishga yordam beradi. Sun’iy intellekt rivojlanishda davom etar ekan, muammolardan biri uning afzalliklarini keng va adolatli taqsimlashni ta'minlashdir", - deb ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.M.Xojimatov: “...o’quv qo’llanmada sun’iy intellektning rivojlanish genezisi, uni ta’riflash nazariyasi va amaliyoti batafsil ko‘rib chiqiladi”, - deb ta’kidladi va sun'iy intellektning samaradorlik, bandlik va ish haqiga ta'sirini tavsifladi. U o’quv qo’llanmada alohida bob sun'iy intellektni mehnat bozoridagi o'zgarishlarga moslashtirish, ish jarayonini avtomatlashtirish, inson va intellektual kapitalni boshqarish tizimlariga bag'ishlangani, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun sun’iy intellekt sohasida ta’lim berish muhimligini aytib, o’quv qo’llanma ushbu dolzarb mavzuga e’tiborni qaratishga yordam berishiga umid bildirdi.